BookNote Qo'llanma

Foydalanuvchi qo'llanmasi

Ro'yxatdan o'tishdan tanlov g'olibigacha

BookNote — kitobxonlar uchun ijtimoiy tarmoq: iqtibos va taqriz yozasiz, kutubxona yuritasiz, kitoblarni 10 balli tizimda baholaysiz, tanlovlarda qatnashib sovrin olasiz. Bu qo'llanma ilovaning har bir bo'limini tartib bilan ko'rsatadi.

Ilova tili
5 o'zbek, кирилл, ingliz, rus, turk
Reaksiya
4 👍 👎 😂 😢
Kitob bahosi
1–10 o'rtacha baho ko'rinadi
Tanlov sovrini
Pul karta orqali yuboriladi

Lentadagi post kartasi shunday ko'rinadi

01

BookNote nima

BookNote — o'qigan kitoblaringizni yozib boradigan va shu asosda boshqa kitobxonlar bilan muloqot qiladigan joy. Uchta ish bir ilovada:

Yozish

Iqtibos, eslatma, fikr va taqriz. Har bir yozuv kitobga bog'lanadi va lentada ko'rinadi.

Hisob yuritish

Kutubxona, o'qish maqsadi, yillik ro'yxat, oylik statistika va kunlik streak.

Musobaqa

Kitobxonlik tanlovlari: kitobni o'qiysiz, test topshirasiz, reytingga chiqasiz, sovrin olasiz.

Qayerda ishlaydi

  • Android ilova — Play Store'dan o'rnatiladi. Bildirishnomalar va barcha bo'limlar shu yerda to'liq.
  • Veb — booknote.uz — brauzerdan kirasiz, o'rnatish kerak emas. Bir hisob ikki joyda ishlaydi.
  • iOS — ilova mavjud, lekin App Store qoidalari sababli Pro obunasi iPhone'da ko'rinmaydi.

Hisobsiz ham ko'rish mumkin. Mehmon sifatida lentani, kitoblarni va reytinglarni o'qiy olasiz. Reaksiya bosish, sharh yozish, kutubxonaga saqlash va tanlovga qatnashish uchun hisob kerak.

02

Ro'yxatdan o'tish

Bitta ekran, beshta maydon. Ilovani ochib "Akkauntingiz yo'qmi?" → Hisob yaratish ni bosing.

  1. Ism va familiya

    Profilingizda ko'rinadigan ism. Keyin istalgan vaqtda o'zgartirasiz.

  2. Username

    3 dan 30 belgigacha, faqat harf, raqam va pastki chiziq (_). Band bo'lsa ilova darhol aytadi. Username — sizning manzilingiz: do'stlaringiz shu orqali topadi, sovg'a ham shunga yuboriladi.

  3. Parol

    Kamida 6 belgi. Ko'zcha tugmasi bilan yozganingizni tekshirib olasiz.

  4. Asosiy til

    Qaysi tildagi kitoblarni o'qishni afzal ko'rasiz. Lenta va tavsiyalar shunga moslashadi; keyin profil sozlamalaridan o'zgartiriladi.

  5. Promokod — ixtiyoriy

    Do'stingizning promokodi bo'lsa shu yerga kiriting. U sizga avtomat follow qiladi va bonus oladi, siz esa uning tarmog'iga qo'shilasiz. Keyin kiritib bo'lmaydi — faqat ro'yxatdan o'tishda.

  6. Shartlarga rozilik va "Boshlash"

    Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosatiga rozilik belgisini qo'yasiz, so'ng Boshlash.

Telegram tasdiqlash

"Boshlash"dan keyin Telegram bot oynasi chiqadi. Bot'ga o'tib Start ni bosasiz — ilova buni o'zi sezadi va sizni hisobingizga kiritadi.

Buni o'tkazib yuborish mumkin, lekin tavsiya etilmaydi. Parolni tiklash faqat Telegram orqali ishlaydi. Telegram bog'lanmagan bo'lsa va parolni unutsangiz, hisobga kirishning boshqa yo'li qolmaydi. O'tkazib yuborgan bo'lsangiz ham keyin Sozlamalar → Telegram bilan tasdiqlash dan bog'lab qo'yasiz.

Agar bot javob bermasa yoki Telegram ochilmasa, ilova 10 soniyadan keyin hisobni Telegram'siz yaratib beradi — ishni davom ettirasiz, tasdiqlashni keyinroq qilasiz.

03

Kirish va parolni tiklash

Kirish uchun username va parol yetarli. Hisobga bir marta kirsangiz, ilova sizni eslab qoladi.

Parolni unutdingizmi

  1. "Parolni unutdingizmi?"

    Kirish ekranidagi havolani bosing.

  2. Username'ni kiriting

    Telegram'ga tasdiqlash xabari yuboriladi.

  3. Botdagi tugmani bosing

    Xabardagi tasdiqlash tugmasini bosasiz. Token muddati cheklangan — kechiksangiz jarayonni qaytadan boshlang.

  4. Yangi parolni ikki marta kiriting

    Shundan keyin yangi parol bilan kirasiz.

Hisob Telegram bilan bog'lanmagan bo'lsa, ilova buni aytadi va yordam uchun @booknoteuz ga yo'naltiradi.

Parolni bilib turib o'zgartirish

Sozlamalar → Parolni o'zgartirish: joriy parol, yangi parol va tasdiqlash. Bu yerda yangi parol kamida 8 belgi bo'lishi so'raladi.

04

Ilovada yo'nalish

Pastdagi panelda beshta asosiy bo'lim bor. Kompyuterda xuddi shu bo'limlar chap tomonda ustun bo'lib turadi.

Bo'limNima bor
Bosh sahifaLenta: postlar, taqrizlar, tanlov banneri, streak kartasi, tezkor amallar.
KashfiyotTop kitoblar, top mualliflar, eng faol kitobxonlar, muhokamadagi postlar, qidiruv.
IjodxonaFoydalanuvchilarning o'z hikoya va she'rlari.
JamoaUlanishlar, kelgan so'rovlar va shaxsiy chatlar.
ProfilSizning postlaringiz, taqrizlar, kitoblar, sharhlar, statistika va nishonlar.

Tezkor amallar

Lentaning yuqorisidagi kvadrat kartalar — eng ko'p kerak bo'ladigan bo'limlar: Tanlovlar (ochiq tanlovlar soni nishonda ko'rinadi), Taqrizlar, Donat va Pro.

Yon menyu

Yuqori chapdagi menyu tugmasi orqali: Yillik ro'yxat, Ilova ranglari, Pul mukofoti kartasi, Biz bilan bog'lanish (Telegram kanal) va Sozlamalar. Menyu sarlavhasida ilova tili va asosiy tilni tez almashtirish mumkin.

Bildirishnomalar va qidiruv

Yuqori o'ng burchakda qo'ng'iroqcha — bildirishnomalar, yonida qidiruv. Qidiruvda kitob, muallif va foydalanuvchini alohida kategoriyalar bo'yicha izlaysiz; oxirgi qidiruvlaringiz saqlanib turadi.

05

Lenta

Bosh sahifa — kitobxonlar yozgan iqtibos, fikr va taqrizlar oqimi. Yuqorida ikki ko'rinish:

  • Hammasi — butun hamjamiyat yozganlari.
  • Obunalarim — faqat siz kuzatadigan odamlar. Bo'sh bo'lsa, ilova kimlarni kuzatishni taklif qiladi.

Saralash va filtr

Janr chiplari bilan mavzuni toraytirasiz. Filtr oynasida esa:

  • Janrlar — bir nechtasini birga tanlash mumkin.
  • Til — o'zbekcha, ruscha, inglizcha yoki barchasi.
  • Saralash — tavsiya etilgan, eng so'nggi, ko'p izohli, ko'p yoqtirilgan.

Post bilan nima qilish mumkin

AmalQanday
ReaksiyaReaksiya tugmasini bosib 👍 👎 😂 😢 dan birini tanlaysiz. Qayta bosib olib tashlaysiz. Reaksiya — streak uchun ham faol kun hisoblanadi.
SharhSharh belgisi — izohlar oynasi. Javob yozish, tahrirlash va o'chirish mumkin.
UlashishPostga havola yoki matnni tashqariga uzatasiz.
SaqlashKeyin o'qish uchun belgilab qo'yasiz — Profil → Saqlanganlar da turadi.
YashirishBitta postni lentadan olib tashlash.
Muallifni yashirishShu odamning postlari lentada boshqa ko'rinmaydi. Bu bloklash emas — u buni bilmaydi.
ShikoyatSabab tanlanadi: spam, haqorat, yolg'on ma'lumot, zo'ravonlik, nomaqbul kontent, sun'iy intellekt yozgan matn yoki boshqa. Izoh qoldirish ixtiyoriy. Moderatorlar ko'rib chiqadi.

Post ustiga bossangiz to'liq sahifasi ochiladi: ko'rishlar, reaksiyalar, sharhlar va ulashishlar soni, matn uzun bo'lsa to'liq ko'rinishi, tarjima yorlig'i.

06

Post va iqtibos

Lentadagi yozish tugmasini bosganda ikki yo'l chiqadi: Post (iqtibos, eslatma, fikr) va Taqriz (kitob haqida to'liq sharh). Bu bo'lim — post haqida.

  1. Kitobni tanlang

    Qidiruvdan kitobni topasiz. Ro'yxatda bo'lmasa — nomi, muallifi va janrini yozib yangi kitob qo'shasiz. Qo'shilgan kitob hamma uchun katalogga tushadi, shuning uchun nom va muallifni to'g'ri yozing.

  2. Matnni yozing

    Muharrirda: iqtibos belgisi (tanlangan matnni iqtibos qilib ko'rsatadi), havola qo'shish, matn rangi va fon rangi. Iqtibos keltirayotgan bo'lsangiz — muallif so'zini o'z fikringizdan ajratib ko'rsatish uchun shu belgidan foydalaning.

  3. Rasm — ixtiyoriy

    Kitob sahifasining surati yoki o'z rasmingizni qo'shasiz.

  4. Janrni belgilang

    Post qaysi janrga tegishli — lenta filtrida shu bo'yicha topiladi.

  5. "Postni ulashish"

    Post lentada, kitob sahifasida va profilingizda paydo bo'ladi.

Tahrirlash va o'chirish. O'z postingizning uch nuqtasi orqali tahrirlaysiz yoki o'chirasiz. O'chirilgan post qaytmaydi.

Post analitikasi

O'z postingiz sahifasida ko'rishlar, noyob ko'rishlar, reaksiyalar, izohlar, ulashishlar va saqlanishlar soni ko'rinadi. So'nggi 14 kunlik grafik, reaksiyalar bo'yicha taqsimot, kim ko'rgani va kim reaksiya bosgani — Pro imkoniyati.

07

Taqriz va baho

Taqriz — kitob haqida to'liq fikr. Postdan farqi: taqriz kitob sahifasining Taqrizlar bo'limida turadi va kitob reytingiga qo'shiladi.

  1. Kitobni tanlang

    "Qaysi kitob haqida taqriz?" — qidiruvdan topasiz yoki yangi kitob qo'shasiz.

  2. Sarlavha — ixtiyoriy

    Taqrizning qisqa nomi.

  3. Taqriz matni

    Ma'lum minimal uzunlik talab qilinadi; ilova yana qancha belgi qolganini ko'rsatib turadi.

  4. Baho — ixtiyoriy

    1 dan 10 gacha. Baho taqriz bilan birga chiqadi va kitobning o'rtacha bahosiga qo'shiladi.

  5. "Taqrizni e'lon qilish"

    Taqriz lentada, kitobda va profilingizda ko'rinadi. Keyin tahrirlash va yangilash mumkin.

Taqrizsiz baho qo'yish

Kitob sahifasidagi Baholash tugmasi orqali matn yozmasdan 1–10 ball qo'yasiz; xohlasangiz qisqa izoh ham qoldirasiz. Bahoni keyin o'zgartirish mumkin — kitobda "Siz: 8/10" ko'rinib turadi.

Taqriz bilan ishlash

  • Taqriz ostida fikr yozish, javob berish, tahrirlash va o'chirish.
  • Tarjima — taqrizni boshqa tilga o'girib o'qish; asl matnga qaytish mumkin.
  • Ulashish — tashqi ilovalarga.
08

Sharhlar

Sharh yozish mumkin bo'lgan joylar: post ostida, taqriz ostida, kitob muhokamalarida va Ijodxona asarlarida.

  • Javob berish — sharh ustiga javob yozilsa, u asosiy sharh ichiga joylanadi. "{N} ta javob" ni bosib ochasiz.
  • Tahrirlash — o'z sharhingizni o'zgartirasiz; yonida "(tahrirlangan)" belgisi qoladi.
  • O'chirish — o'z sharhingiz yoki o'z postingizdagi sharhlar.

Kitob sahifasining Muhokamalar bo'limi — kitob haqida umumiy suhbat: bitta postga bog'lanmagan, kitobning o'ziga tegishli fikrlar shu yerda.

09

Kitob sahifasi

Har bir kitobning o'z sahifasi bor. Yuqorida muqova, nomi, muallifi, o'rtacha bahosi va necha kishi baholagani. Sahifa to'rt bo'limga bo'lingan:

Haqida

Qisqacha mazmun, sahifalar soni, baholar taqsimoti va shu kitobga bog'langan tanlov bo'lsa — uning kartasi.

Taqrizlar

Kitobga yozilgan barcha taqrizlar, baholari bilan.

Muhokamalar

Kitob haqida fikrlar va suhbat.

Belgilangan

O'qish paytida siz belgilagan joylar, sahifa raqami bilan.

Shu sahifadagi amallar

  • Kutubxonaga saqlash — belgini bosasiz, kitob profilingizdagi kutubxonaga tushadi.
  • Baholash — 1–10 ball.
  • Taqriz yozish — to'g'ridan-to'g'ri shu kitob uchun.
  • O'qish — kitob matni mavjud bo'lsa, "{til}da o'qish" tugmasi chiqadi.
  • Postlar — shu kitob haqida yozilgan barcha iqtibos va fikrlar.

Kitob bo'yicha tanlov

Kitobga tanlov bog'langan bo'lsa, sahifada "Bu kitobdan tanlov" bloki chiqadi: savollar soni, qatnashchilar soni va tanlovga o'tish tugmasi. Tanlov tugagan bo'lsa, testni sinab ko'rish taklifi ko'rinadi.

10

Kitob o'qish

Matni bor kitoblarni ilova ichida o'qiysiz. O'qish ekrani boblarga bo'lingan; yuqoridagi mundarija tugmasi bilan bobga o'tasiz, pastda "Abzas 12 / 340" ko'rinib turadi.

Matn bilan ishlash

HarakatNatija
Abzasga bosishAbzas tanlagan tilingizga tarjima qilinadi va asl matn ostida chiqadi.
Yuqoriga surishAbzasni tashqariga ulashasiz.
Pastga surishJoyni belgilab saqlab qo'yasiz.
Matnni tanlashNusxa olish yoki belgilash — rang tanlanadi, izoh qo'shish mumkin.

Belgilangan joylar kitobning Belgilangan bo'limida va kutubxonadagi kitob kartochkasida to'planadi — sahifa raqami bilan. O'chirish ham shu yerdan.

Belgilashlar sizning shaxsiy yozuvlaringiz. Ularni kim ko'rishini Maxfiylik sozlamalaridan boshqarasiz.

11

Kutubxona va yozuvlar

Kutubxona — Profil → Kitoblar bo'limida. Bu sizning shaxsiy ro'yxatingiz: o'qiyotgan va o'qib tugatgan kitoblar.

Kitob qo'shish

  • Qidiruvdan — nom bo'yicha izlaysiz, bir vaqtda bir nechtasini belgilab "3 ta kitobni qo'shish" qilasiz.
  • Yangi kitob sifatida — katalogda bo'lmasa, nomi va muallifini o'zingiz yozasiz.
  • Kitob sahifasidan — saqlash belgisi orqali.

O'qildi deb belgilash

Kitob kartochkasidagi belgi bilan "O'qildi" holatiga o'tkazasiz. Kutubxona yuqorisida "7 / 20 o'qildi" hisobi turadi, bu o'qish maqsadingizga ham qo'shiladi. Belgini qaytarib "o'qilmoqda" holatiga qaytarish mumkin.

Kitob yozuvlari

Kutubxonadagi kitobni bossangiz, uning shaxsiy kartochkasi ochiladi. Bu yerda:

  • Iqtibos va izoh qo'shish — har biriga sarlavha, matn va rasm. Har bir yozuvni Shaxsiy yoki Ommaviy qilib belgilaysiz.
  • Taqriz yozish — to'g'ridan-to'g'ri shu kitob uchun.
  • Kitob nomi, muallifi, sahifalar soni va tillarini to'g'rilash.
  • "O'qib bo'ldim" tugmasi.
  • Kutubxonadan o'chirish.

Shaxsiy va ommaviy farqi. Shaxsiy yozuv faqat sizga ko'rinadi — xotira daftar sifatida ishlatasiz. Ommaviy yozuv profilingizda va kitob sahifasida boshqalarga ham ko'rinadi.

12

Maqsad, streak va statistika

O'qish maqsadi

Sozlamalar → O'qish maqsadi. Yiliga nechta kitob o'qishni rejalashtirganingizni belgilaysiz; sahifalar bo'yicha maqsad ham qo'yish mumkin. Progress foiz bilan ko'rsatiladi va kutubxonadagi "o'qildi" belgilari hisobga olinadi.

Streak — ketma-ket faol kunlar

Lenta yuqorisidagi streak kartasi oxirgi hafta va eng uzun streakingizni ko'rsatadi.

Faol kun nima hisoblanadi: iqtibos yoki post yozish, taqriz yozish, o'qish progressini belgilash, kitobni tugatish va reaksiya (like) qoldirish. Kun Toshkent vaqti bilan 00:00 da almashadi.

Streak reytingi — kim eng uzoq uzmagani bo'yicha umumiy ro'yxat; o'z o'rningizni shu yerda ko'rasiz.

Oylik statistika

Profildan Oylik tahlil ga kirasiz. Unda:

  • Kunlik ko'rishlar grafigi va o'rtacha ko'rsatkich.
  • Ko'rishlar manbalari — odamlar sizni qayerdan topgani (asosiy sahifa, profil, qidiruv, boshqa).
  • Eng mashhur post va eng ko'p o'qilgan kitob.
  • Shu oyda o'qib tugatilgan kitoblar.
  • Streak kunlari.
  • Rasm sifatida ulashish — statistikani surat qilib do'stlaringizga yuborasiz.

Yillik ro'yxat

Menyudagi Yillik ro'yxat — yil bo'yi o'qiganlaringizni qo'lda yozib boradigan oddiy ro'yxat. Kutubxonadan to'ldirish tugmasi bor. Internet bo'lmasa yozuvlar qurilmada turadi va "{N} ta yozuv sinxronlanmagan" deb ogohlantiradi — Sinxronlash ni bosib serverga yuborasiz.

13

Kashfiyot

Yangi kitob va odam topish bo'limi. Qidiruv maydoni ustida, ostida reytinglar:

  • Top kitoblar — baholangan kitoblar katalogi. Ikki yorliq: Top va Yoqmaganlar (eng past baholanganlar). Kitob yoki muallif bo'yicha qidirish mumkin.
  • Top mualliflar — mualliflar reytingi: kitoblari soni, postlar, taqrizlar va laykar bo'yicha. Mashhur mualliflar nishon oladi.
  • Eng faol foydalanuvchilar — ball bo'yicha: necha post, necha taqriz.
  • Muhokamadagi postlar — hozir ko'p gaplashilayotgan yozuvlar.

Davr filtri — Hafta, Oy yoki Barcha vaqt. Janr bo'yicha ham toraytirasiz.

Muallif sahifasi

Har bir muallifning sahifasida: kitoblari, kitobxonlar yozgan postlar va statistika (kitob, post, taqriz, layk soni). Mashhur mualliflarda alohida nishon bo'ladi.

14

Jamoa va chat

Bo'lim uch yorliqdan iborat: Chatlar, Ulanishlar, So'rovlar.

Kuzatish va bog'lanish — farqi

KuzatishBog'lanish
RuxsatSo'rovsiz, darholQarshi tomon qabul qilishi kerak
Nima beradiPostlari "Obunalarim" lentasiga tushadiShaxsiy chat ochiladi
Bekor qilishIstalgan vaqtdaSo'rovni ham, ulanishni ham bekor qilasiz

Chat

  • Xabarga javob berish — ustiga bosib ushlab turasiz.
  • Tahrirlash, nusxa olish, o'chirish — xuddi shu menyuda.
  • Qarshi tomonning Online / Offline holati ko'rinadi (u buni yashirgan bo'lsa ko'rinmaydi).
  • Suhbatni butunlay o'chirish mumkin — bu amal qaytmaydi.

Kimdan xabar kelishini Maxfiylik → Xabar yuborish dan boshqarasiz. Keraksiz odamni profilidan Bloklash mumkin.

15

Profil

Profil tepasida avatar, ism, bio, kuzatuvchilar va kuzatilganlar soni, ulanishlar. Pastida to'rt yorliq: Postlar, Taqrizlar, Kitoblar, Sharhlar. Saqlangan postlar alohida bo'limda.

Profilni tahrirlash

  • Rasm — yangi avatar tanlash yoki o'chirish.
  • Ism va Bio — o'zingiz haqingizda qisqa ma'lumot.
  • Eslatma — "Hozir nima o'qiyapsiz" maydoni; profilingizda ko'rinadi.
  • Asosiy til — kitob tavsiyalari uchun.

Username'ni o'zgartirish

Sozlamalar → Profilni tahrirlash → Username. Yangi username 3–30 belgi, faqat harf, raqam va _. Band bo'lmasa "Bo'sh" deb ko'rsatadi.

Insights

Profil ichidagi qisqa ko'rsatkichlar: kitoblar, taqrizlar, reaksiyalar, ko'rishlar va o'sish.

Boshqa odamning profili

U yerda: Kuzatish, Bog'lanish, Xabar tugmalari va uch nuqtada Bloklash. Odam profilini yopiq qilgan bo'lsa, siz uning yozuvlarini ko'rmaysiz.

16

Yutuq nishonlari

Nishonlar faoliyatingizga qarab avtomatik beriladi va profilingizda ko'rinadi. Har bir nishon ustiga bossangiz, uni qanday olish mumkinligi yoziladi. Hali olinmaganlari kulrang holatda turadi.

NishonQanday olinadi
Ilk qadamBirinchi postni yozish
Faol yozuvchi10 ta post
Taqrizchi5 ta taqriz
Suhbatdosh50 ta sharh
MashhurPostlar 100 ta reaksiya to'plaganda
Sevimli muallif25 ta obunachi
Da'vatchi3 ta do'stni promokod bilan taklif qilish
VeteranBookNote'da 1 yil
Bilimdon5 ta tanlovda qatnashish
ChempionTanlovda 1-o'rin
KumushTanlovda 2-o'rin
BronzaTanlovda 3-o'rin
UstaTanlovlarda barqaror yuqori natija
SardorTanlovlar mavsumining eng faol kitobxoni
17

Maxfiylik va xavfsizlik

Sozlamalar → Maxfiylik. Bo'lim uch guruhga bo'lingan.

Profil

  • Ommaviy profil — profilingiz barchaga ko'rinsinmi.
  • Kutubxonani ko'rsatish — kitoblaringiz profilda ko'rinsinmi.
  • O'qish faoliyati — nima o'qiyotganingiz ko'rinsinmi.
  • Online holatni ko'rsatish — onlayn ekanligingiz.
  • Yashirin ko'rish — boshqalarning profiliga kirsangiz, ular sizning kimligingizni ko'rmaydi. Pro

Izohlar

Izohlarimni kim ko'rsin — uch variant: Hammasiga, Faqat bog'langanlar, Faqat men.

Aloqa

  • Xabar yuborish — barchaga ruxsat berasizmi yoki faqat ulanishlaringizga.
  • Bloklangan foydalanuvchilar — ro'yxat va blokdan chiqarish.

Hisobni o'chirish

Sozlamalar → Hisobni butunlay o'chirish. Tasdiqlash uchun parolingiz so'raladi. Bu amal qaytarilmaydi: postlar, taqrizlar, kutubxona va yozuvlaringiz butunlay o'chadi.

Hisobdan chiqish

Sozlamalar → Hisobdan chiqish. Ma'lumotlaringiz saqlanadi, qaytib kirsangiz hammasi joyida bo'ladi.

18

Bildirishnomalar

Qo'ng'iroqcha belgisi — barcha xabarlar bir ro'yxatda: yangi reaksiyalar, sharhlar, obunachilar, tanlov e'lonlari va natijalar, sovg'a va Pro xabarlari.

  • Bildirishnoma ustiga bossangiz, tegishli post, tanlov yoki profil ochiladi.
  • Yuqoridagi tugma bilan hammasini o'qilgan deb belgilash.

Nimalar kelsin

Sozlamalar → Bildirishnomalar da uch turni alohida yoqib-o'chirasiz: Reaksiyalar, Izohlar, Yangi obunachilar.

Telefonda push xabar kelmasa, qurilma sozlamalarida BookNote uchun bildirishnoma ruxsatini tekshiring. Android 13 va undan yuqorida ruxsat alohida so'raladi.

19

Kitobxonlik tanlovi

Tanlov — bitta kitob bo'yicha musobaqa. Uni BookNote tashkil qiladi, g'oliblar pul sovrini oladi. Lentadagi tanlov banneri yoki tezkor amallardagi Tanlovlar kartasidan kirasiz.

Qanday ishlaydi

  1. Qatnashaman

    Tanlov e'lon qilingach "Qatnashaman" ni bosasiz. Bonus ballar faqat qatnashgandan keyin yozila boshlaydi — kechiktirgan har bir kun bitta ball.

  2. Har kuni yozing — kuniga 1 bonus ball

    Test boshlanguncha shu kitob bo'yicha iqtibos yoki taqriz yozasiz. Har kun uchun +1 bonus ball. Bir kunda ikkalasini yozsangiz ham ball bitta. Yig'ilgan bonus test ballingizga qo'shiladi.

    Ayrim tanlovlarda kunlik bonus berilmaydi — unda natija faqat test bali bilan aniqlanadi; tanlov sahifasida shu yozib qo'yiladi.

  3. Test

    Belgilangan vaqtda test ochiladi: cheklangan daqiqa, faqat bir marta. Savollar shu kitobdan. Har to'g'ri javob +3 ball. Yozma savollar bo'lsa, ular qo'lda baholanadi va ballari keyinroq qo'shiladi.

  4. Reyting va g'oliblar

    Reyting yig'ilgan ball bo'yicha tuziladi; ballar teng bo'lsa topshirish vaqti hal qiladi — kim tezroq topshirgan bo'lsa yuqorida. G'oliblarni admin e'lon qiladi.

Sovrinni olish

G'olib bo'lsangiz pul mukofoti kartaga o'tkaziladi. Kartani oldindan kiritib qo'yish mumkin: Menyu → Pul mukofoti kartasi yoki Sozlamalar → Pul mukofoti kartasi. Karta raqamini xohlagan vaqtda o'zgartirasiz. To'lov holati reytingda "To'lov kutilmoqda" yoki "To'langan" deb ko'rinadi.

Tanlov sahifasida yana nimalar bor

  • Shartlar va "Qanday ishlaydi" — ball hisobi va sovrinlar taqsimoti.
  • Ishtirokchilar iqtiboslari — qatnashchilar shu kitob haqida yozgan hamma narsa.
  • Qatnashchilar va Reyting.
  • G'oliblar — e'londan keyin; g'oliblarni tabriklash va o'z yutug'ini ulashish tugmalari.
  • Tanlov arxivi — tugagandan keyin: kitob, iqtiboslar, test savollari to'g'ri javoblari bilan va g'oliblar ro'yxati.

Tanlovlar tarixi

Bir sahifada hammasi: Faol, Ochiq (qatnashish mumkin), Men qatnashayotganlarim va O'tgan tanlovlar. G'olib daromadim bo'limida jami yutuq va olingan summa ko'rinadi.

Sinov rejimi Pro

Tugagan tanlovlarning testini qayta yechib ko'rish mumkin — natija reytingga ta'sir qilmaydi, faqat o'zingizni sinab ko'rasiz. Yozma savollar sinov rejimida baholanmaydi.

20

Shaxsiy tanlov Pro

Pro bilan o'z tanlovingizni o'tkazasiz: kitobni, savollarni, g'oliblar sonini va sovrinni o'zingiz belgilaysiz. Tanlov umumiy ro'yxatda hammaga ko'rinadi. Menyu → Mening tanlovlarim → Yangi tanlov.

  1. Qoralama yaratish

    Nom, tavsif va qoidalar, kitob, format (Test yoki Savol-javob), g'oliblar soni, sovrin tavsifi, jadval (e'lon → test ochiladi → tugaydi) va test vaqti. Tanlov ko'pi bilan 90 kun.

  2. Savollar qo'shing

    Variantli yoki yozma savol. Variantlida to'g'ri javobni belgilaysiz; yozmada eng yuqori ballni va ixtiyoriy namunaviy javobni ko'rsatasiz (u tanlov tugagach qatnashchilarga ochiladi). E'lon qilish uchun kamida bitta savol kerak.

  3. E'lon qiling

    E'londan keyin kitob, sanalar, format va sovrin summasi o'zgarmaydi — faqat nom, tavsif va sovrin tavsifi tahrirlanadi. Savollarni test boshlanguncha o'zgartirish mumkin. Obunachilaringizga xabar boradi.

  4. Javoblarni baholang

    Muddat tugagach yozma javoblarni o'zingiz baholaysiz.

  5. G'oliblarni aniqlang

    Ball bo'yicha g'oliblar hisoblanadi. Kerak bo'lsa qayta hisoblash mumkin. Sovrinni topshirgach, belgilab qo'yasiz.

Javobgarlik. Shaxsiy tanlovda savollar, g'oliblar va sovrin uchun tashkilotchi javob beradi — sovrinni u o'zi topshiradi, BookNote kafolatlamaydi. Qoidabuzarlik bo'lsa tanlov sahifasidan shikoyat qiling; moderator tanlovni yashirishi mumkin.

Pro muddati tugasa yangi tanlov yaratolmaysiz, lekin mavjud tanlovlaringizni boshqarishda davom etasiz.

21

Ijodxona

Ijodxona — foydalanuvchilarning o'z asarlari: hikoyalar va she'rlar. Yorliqlar bilan turini, saralash bilan yangi yoki ommaboplarini ko'rasiz.

Asar yuborish

  1. Turini tanlang

    Hikoya yoki she'r. She'rda har misra yangi qatordan yoziladi.

  2. Sarlavha va matn

    Matn kamida 20 belgi. Rasm qo'shish ixtiyoriy.

  3. "Bu asarni o'zim yozganman"

    Tasdiqlash majburiy.

  4. Yuborish

    Asar Tekshiruvda holatiga o'tadi. Tasdiqlangach Ijodxonada hammaga ko'rinadi va sizga xabar keladi.

Nima rad etiladi: boshqalarning asarlari, haqorat va reklama. Rad etilgan asarda sabab ko'rsatiladi.

Asarlar bilan ishlash

  • Fikr yozish va bir-biriga javob berish.
  • Ulashish.
  • Shikoyat — spam, boshqa muallifning asari, haqoratli mazmun yoki boshqa sabab.
  • Mening asarlarim — o'z asarlaringiz va ularning holati; o'chirish ham shu yerdan.
22

Promokod va referal

Har bir foydalanuvchining o'z promokodi bor. Menyu → Referallar yoki profildagi Promokod tugmasidan ko'rasiz va nusxalaysiz.

Qanday ishlaydi

  • Do'stingiz ro'yxatdan o'tayotganda promokodingizni kiritadi.
  • U sizga avtomat follow qiladi, siz bonus ball olasiz.
  • Taklif qilganlar ro'yxati va 30 kunlik hisob shu bo'limda ko'rinadi.

Pro'ni bepul olish: 3 ta do'st = 1 oylik Pro, 8 ta do'st = jami 3 oylik Pro. Promokodni ulashish tugmasi tayyor matn bilan birga yuboradi.

Promokodni faqat ro'yxatdan o'tishda kiritish mumkin — keyin qo'shib bo'lmaydi. Shuning uchun do'stingizga kodni oldindan yuborib qo'ying.

23

Booknote Pro

Pro — ixtiyoriy obuna. Ilovaning asosiy ishlari (yozish, o'qish, kutubxona, tanlovlarda qatnashish) Pro'siz ham to'liq ishlaydi.

Pro nima beradi

ImkoniyatNima qiladi
PRO oltin nishonIsmingiz yonida hamma joyda ko'rinadigan maxsus status.
Profilimni kim ko'rdiOxirgi 30 kunda profilingizga kimlar kirgani va qachon.
Kim reaksiya bosdiPostingizga kim va qaysi emoji bilan reaksiya bosgani.
Ijodkor analitikasiHar bir post bo'yicha chuqur statistika va o'sish trendlari.
Ilova ranglariFon va urg'u rangini o'zingiz tanlaysiz; profilingizni boshqalar ham shu ranglarda ko'radi.
Shaxsiy tanlovO'z tanlovingizni o'tkazasiz — 20-bo'limga qarang.
Tanlov testlarida mashqTugagan tanlov testlarini qayta yechish.
Yashirin ko'rishBoshqa profillarga kirganingizda kimligingiz ko'rinmaydi.
Bot orqali targ'ibotPostlaringiz Telegram bot obunachilariga tavsiya etiladi.

Tariflar

MuddatNarxOyiga
1 oy33 333 so'm33 333 so'm
3 oy89 000 so'm~29 667 so'm
6 oy159 000 so'm~26 500 so'm
12 oy Eng foydali279 000 so'm~23 250 so'm

Aniq narx va chegirma har doim ilovadagi Pro sahifasida ko'rsatiladi.

To'lash va sovg'a qilish

  1. Tarifni tanlang

    Pro sahifasida muddatni belgilaysiz.

  2. "O'zim uchun" yoki "Sovg'a qilish"

    Sovg'ada do'stingizning username'ini kiritasiz va tabrik xabari qoldirasiz. Sovg'a to'lovdan keyin unga yetib boradi.

  3. To'lov

    Click yoki Payme orqali to'laysiz. To'lagach ilovaga qaytasiz — Pro avtomatik faollashadi.

  4. Buyurtmalarim

    To'lamay chiqib ketsangiz buyurtma saqlanadi: Buyurtmalarim dan qaytib to'lovni davom ettirasiz yoki buyurtmani bekor qilasiz.

Pro faol bo'lsa, sahifada "Pro faol" va amal qilish muddati ko'rinadi.

iPhone'da App Store qoidalari sababli Pro sotib olish ko'rinmaydi. Pro'ni veb saytdan yoki Android ilovasidan olsangiz, iPhone'da ham ishlaydi.

24

Donat va qo'llab-quvvatlash

BookNote reklamasiz ishlaydi. Donat server, rivojlanish va yangi imkoniyatlarga sarflanadi. Tezkor amallardagi Donat kartasidan kirasiz.

  • Tayyor summalardan birini tanlaysiz yoki boshqa summa yozasiz — 5 000 dan 10 000 000 so'mgacha.
  • Xabar qoldirish ixtiyoriy — u qo'llab-quvvatlaganlar ro'yxatida ko'rinadi.
  • Anonim donat — ismingiz ro'yxatda ko'rinmaydi, summa ko'rinadi.

Qo'llab-quvvatlaganlar yorlig'ida eng ko'p va so'nggi donat qilganlar ro'yxati turadi.

25

Sozlamalar va tillar

Sozlamalar to'rt guruhga bo'lingan.

GuruhNimalar bor
HisobProfilni tahrirlash, parolni o'zgartirish, maxfiylik, ilova ranglari (Pro), pul mukofoti kartasi, tanlovlar tarixi.
O'qishYillik o'qish ro'yxati, o'qish maqsadi (hozirgi holati yonida ko'rinadi).
SozlamalarTelegram bilan tasdiqlash, til, bildirishnomalar.
Ilova haqidaIlova haqida ma'lumot, foydalanish shartlari, yordam markazi, qo'llab-quvvatlash, hisobdan chiqish, hisobni o'chirish.

Ikki xil "til"

  • Ilova tili — menyular va tugmalar tili. Beshta variant: O'zbek, Ўзбек (kirill), English, Русский, Türkçe.
  • Asosiy til — qaysi tildagi kitoblarni o'qishni afzal ko'rasiz. Lenta va tavsiyalarga ta'sir qiladi. Profilni tahrirlashdan yoki menyu sarlavhasidan o'zgartiriladi.

Ilova ranglari Pro

Menyu → Ilova ranglari: fon va urg'u rangini tanlaysiz. Ranglar butun ilovada qo'llanadi va profilingizni boshqalar ham shu ranglarda ko'radi. Standart tugmasi asl holatga qaytaradi. Pro'siz namunani ko'rib turish mumkin, saqlash esa Pro bilan.

Ilovani yangilash

Yangi versiya chiqqanda ilova o'zi xabar beradi va yangiliklar ro'yxatini ko'rsatadi. Ba'zi yangilanishlar majburiy bo'ladi — davom etish uchun yangilash kerak.

26

Tez-tez so'raladigan savollar

Parolni unutdim, Telegram ham bog'lanmagan. Nima qilaman?

Bu holatda avtomatik tiklash ishlamaydi. @booknoteuz ga yozing va hisobingiz haqidagi ma'lumotni bildiring.

Qo'shmoqchi bo'lgan kitob katalogda yo'q.

Post, taqriz yoki kutubxonaga qo'shish oynasida "yangi kitob sifatida qo'shish" varianti bor: nomi, muallifi va janrini yozasiz. Kitob hamma uchun katalogga tushadi, shuning uchun imlo va muallif ismini to'g'ri yozing.

Streakim uzilib qoldi, nega?

Kun Toshkent vaqti bilan 00:00 da almashadi. O'tgan kunda faol harakat bo'lmasa (post, taqriz, o'qish progressi, kitob tugatish yoki reaksiya) streak nolga qaytadi. Faqat lentani o'qish faol kun hisoblanmaydi.

Tanlov testini ikki marta topshirsam bo'ladimi?

Yo'q. Test faqat bir marta topshiriladi va vaqti cheklangan. Mashq qilish uchun tugagan tanlovlarning sinov rejimi bor (Pro).

Testda hamma savolga to'g'ri javob berdim, lekin reytingda birinchi emasman.

Ikki sabab bo'lishi mumkin: raqibingiz ko'proq kunlik bonus ball yiqqan, yoki ballar teng bo'lib, u testni tezroq topshirgan. Bonus ballni test boshlanishidan oldin — har kuni iqtibos yoki taqriz yozib — yig'ib boring.

Yozuvlarimni faqat o'zim ko'rishini xohlayman.

Kitob yozuvlarini (iqtibos va izohlarni) qo'shayotganda Shaxsiy deb belgilang. Umumiy qoidani esa Maxfiylik → Izohlarimni kim ko'rsin → Faqat men dan o'rnatasiz.

Kimdir bezor qilyapti.

Uch variant: postini yashirish, muallifning barcha postlarini lentadan yashirish, yoki profilidan Bloklash. Qoidabuzarlik bo'lsa Shikoyat yuboring — moderatorlar ko'rib chiqadi.

Pro'ni pul to'lamasdan olish mumkinmi?

Ha. Promokodingiz bilan 3 ta do'st taklif qilsangiz 1 oylik, 8 ta do'st taklif qilsangiz jami 3 oylik Pro bepul ochiladi. Do'stingiz kodni ro'yxatdan o'tish paytida kiritishi shart.

To'lovni amalga oshirdim, lekin Pro ochilmadi.

Buyurtmalarim bo'limini ochib buyurtma holatini tekshiring — "To'langan" bo'lsa Pro bir necha daqiqada faollashadi. Holat o'zgarmasa, buyurtma raqamini nusxalab @booknoteuz ga yuboring.

Ilovadan chiqsam ma'lumotlarim o'chadimi?

Yo'q. Hisobdan chiqish hech narsani o'chirmaydi. Faqat Hisobni butunlay o'chirish barcha yozuvlaringizni qaytarib bo'lmaydigan tarzda o'chiradi.

Kitob o'qish bo'limida hamma kitob bormi?

Yo'q. Ilova ichida o'qish faqat matni yuklangan kitoblarda ishlaydi — ularda kitob sahifasida "o'qish" tugmasi chiqadi. Qolgan kitoblar katalogda baholash, taqriz va kutubxona uchun turadi.

O'yinlar bo'limi qani?

Kitob o'yinlari tayyorlanmoqda va hozircha yopiq. Tayyor bo'lgach lentadagi tezkor amallarda O'yinlar kartasi paydo bo'ladi.

27

Yordam

Savol, taklif yoki muammo bo'lsa yozing — javob beramiz.

Telegram

Qo'llab-quvvatlash va kanal: @booknoteuz

Ilova ichida

Menyu → Biz bilan bog'lanish yoki Sozlamalar → Yordam markazi.

Muammo haqida yozganda qurilma turini, ilova versiyasini (Sozlamalar → Ilova haqida) va nima qilganingizda yuz berganini ko'rsatsangiz — tezroq hal qilamiz.